
AHOST kompaniyasi .KRED domen zonasida domenlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni boshlaganini e'lon qildi. Akkreditatsiya olingandan so‘ng kompaniya ushbu domenlarni vositachilarsiz, bevosita ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu AHOST portfelidagi .LOCKERdan keyingi ikkinchi kriptodomen zonasi bo‘lib, an'anaviy internet va Web3 texnologiyalaridan foydalanuvchi mijozlar uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi.
.KRED domen zonasi 2014-yilda ishga tushirilgan va ICANN tomonidan tasdiqlangan rasmiy domen zonalaridan biri hisoblanadi. Uning asosiy afzalligi klassik DNS va Ethereum Name Service (ENS) tizimlarini birlashtirishidir. Shu sababli bitta domen nomidan bir vaqtning o‘zida ham veb-sayt manzili, ham Ethereum hamyoni identifikatori sifatida foydalanish mumkin.
Web2 va Web3 uchun yagona domen
.KRED domeni ro‘yxatdan o‘tkazilganda blokcheynda avtomatik ravishda ERC-721 standartidagi NFT token yaratiladi va domen egasiga biriktiriladi. Natijada bitta nom oddiy internet domeni hamda Ethereum tarmog‘idagi identifikator vazifasini bajaradi.
Bu yechim uzun kriptovalyuta manzillaridan foydalanish zaruratini kamaytiradi va raqamli aktivlar bilan ishlashni ancha qulaylashtiradi. Blokcheyn va DNS o‘rtasidagi barcha o‘zgarishlar avtomatik ravishda sinxronlashtiriladi, bu esa ma'lumotlarning doimo dolzarb bo‘lishini ta'minlaydi.
.KRED domeni kimlar uchun mo‘ljallangan
Yangi domen zonasi kriptovalyuta loyihalari, Web3 startaplari, markazlashmagan ilovalar ishlab chiquvchilari, fintech kompaniyalari hamda kriptovalyuta orqali to‘lov qabul qiluvchi biznes vakillari uchun mo‘ljallangan. Shuningdek, .KRED domeni shaxsiy sayti va kriptohamyon manzilini bitta nom ostida birlashtirmoqchi bo‘lgan blogerlar va mustaqil mutaxassislar uchun ham qiziqarli bo‘lishi mumkin.
Yangi domen zonasining yana bir afzalligi - mashhur xalqaro domen zonalarida allaqachon band bo‘lib ketgan ko‘plab qisqa va esda qoladigan nomlarning hali ham bo‘sh ekanligidir.
AHOST'da .KRED domenini ro‘yxatdan o‘tkazish va uzaytirish narxi yiliga 228 000 so‘mni tashkil etadi.
Kompaniya, shuningdek, AHOST O‘zbekistonda xalqaro domen reyestrlari bilan bevosita ishlovchi yagona ICANN akkreditatsiyasiga ega domen registratori ekanini eslatdi. .KRED domen zonasining ishga tushirilishi Web3 texnologiyalaridan foydalanishga qiziqayotgan mijozlar uchun zamonaviy domen xizmatlari qatorini yanada kengaytiradi.
Yangilik bilan batafsil aHOST kompaniyasining rasmiy saytida tanishishingiz mumkin.