aHOST Markaziy Osiyoda Nominet a’zoligiga qo‘shilgan birinchi kompaniya bo‘ldi

SUVAN NET kompaniyasi, aHOST brendi ostida xizmat ko‘rsatuvchi provayder sifatida, Nominet tashkilotiga a’zolikni qo‘lga kiritganini mamnuniyat bilan e’lon qiladi. Nominet - Buyuk Britaniyaning .uk domen zonasini boshqaruvchi reyestr hisoblanadi. Bu voqea aHOST’ni Markaziy Osiyoda Nominet a’zosi bo‘lgan birinchi kompaniyaga aylantirdi.

Nominet 1996-yilda tashkil etilgan bo‘lib, u tijorat maqsadida ishlamaydigan tashkilotdir va Buyuk Britaniya milliy domen zonasi hamda unga aloqador domenlarni boshqaradi. Nominet a’zoligi kompaniyalarga tahliliy ma’lumotlarga, professional yordamga, soha tashabbuslariga hamda jahon domen sanoati mutaxassislari hamjamiyatiga kirish imkonini beradi.

SUVAN NET jamoasi uchun Nominet a’zoligi - bu xalqaro darajadagi ishonchlilik va malakani tan olishdir. Biz Nominet tashkilotiga bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik bildiramiz va jahon domen sanoati rivojlanishiga hissa qo‘shayotgan professional hamjamiyatning bir qismi bo‘lganimizdan faxrlanamiz.

aHOST uchun Nominet a’zoligi xalqaro reyestrlar va registratorlar bilan hamkorlik qilish, tajriba almashish, global dasturlarda ishtirok etish va eng yaxshi amaliyotlarni joriy etish imkonini ochadi. Bu qadam aHOST’ning domen ro‘yxatdan o‘tkazish, xosting va veb-studiyalar hamda resellarlarga mo‘ljallangan xizmatlar sohasida xalqaro mavqeini mustahkamlash strategiyasidagi muhim bosqichdir.