APTLD 89 xalqaro uchrashuvida .UZ domeni Administratsiyasi ma’ruza bilan ishtirok etdi

2026-yil 31-yanvardan 7-fevralgacha Iordaniya poytaxti - Amman shahrida Osiyo-Tinch okeani milliy yuqori darajali domenlar assotsiatsiyasining 89-yig‘ilishi (APTLD 89) bo‘lib o‘tdi. Tadbirda mintaqa mamlakatlarining milliy registraturalaridan 50 dan ortiq vakillar ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida ishtirokchilar milliy yuqori darajali domenlar (ccTLD)ni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, DNS infratuzilmasining barqarorligi va xavfsizligini oshirish, ilg‘or raqamli yechimlarni, jumladan sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, shuningdek registratorlar va yakuniy foydalanuvchilar bilan samarali hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.

Alohida e’tibor 2026-yil 4-fevral kuni o‘tkazilgan «ccTLDs and Emerging Technologies: Adapting Roles in a Rapidly Changing Internet» nomli 6A-sessiyaga qaratildi. Muhokamalar doirasida sun’iy intellekt, blokcheyn va markazlashtirilmagan platformalarning jadal rivojlanishi sharoitida milliy domen zonalari administratorlarining yangi vazifalari va mas’uliyati ko‘rib chiqildi. Shuningdek, ccTLD’larni zamonaviy texnologik va boshqaruv chaqiriqlariga moslashtirish masalalari ham muhokama qilindi.

Mazkur sessiya davomida .UZ domeni Administratsiyasi rahbari, UZINFOCOM vakili sifatida taqdimot bilan chiqish qildi. Unda zamonaviy texnologiyalarni amaliy joriy etish, ishonchli va barqaror domen infratuzilmasini shakllantirish hamda .UZ domenining O‘zbekiston Respublikasida raqamli transformatsiya jarayonlariga qo‘shayotgan hissasi haqida so‘z yuritildi.

APTLD 89 doirasidagi ishtirok xalqaro hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish va .UZ domen zonasining jahon internet hamjamiyatidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qildi.

Manba: https://cctld.uz/news