
.com va .net domen zonalarini boshqaruvchi Verisign kompaniyasi 2026-yilning birinchi choragi uchun yangi Domain Name Industry Brief (DNIB) hisobotini e’lon qildi. Hisobotga ko‘ra, dunyo bo‘yicha barcha domen zonalaridagi ro‘yxatdan o‘tgan domen nomlari soni 392,5 millionga yetgan.
So‘nggi 12 oy ichida domenlar soni 24,1 millionga oshgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 6,5% o‘sishni anglatadi. Taqqoslash uchun, 2025-yil birinchi choragida yillik o‘sish atigi 1,7% bo‘lgan edi. Bu esa global domen bozori sezilarli darajada tezlashayotganini ko‘rsatadi.
.com domen zonasi internetdagi eng yirik domen hududi bo‘lib qolmoqda. 2026-yil birinchi choragi yakuniga ko‘ra, .com zonasidagi registratsiyalar soni 163,6 millionga yetdi. Bu o‘tgan yilga qaraganda 6,4 millionga ko‘p bo‘lib, taxminan 4% o‘sishni tashkil etdi.
Shu bilan birga, .net domen zonasi kichik pasayishni ko‘rsatdi. Agar bir yil avval ushbu zonada 12,6 million domen ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, 2026-yil birinchi choragi oxiriga kelib bu ko‘rsatkich 12,4 millionga tushgan.
Milliy domen zonalari - ccTLD segmenti chorakni 146,3 million registratsiya bilan yakunladi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 3,4 millionga ko‘p bo‘lib, 2,4% o‘sishga teng.
Ayniqsa yangi new gTLD domen zonalari juda faol o‘sishda davom etmoqda. Foydalanuvchilar bazasi nisbatan yangi bo‘lgani sababli ushbu segment eng katta foizli o‘sishni ko‘rsatdi. 2026-yil birinchi choragi yakuniga ko‘ra, yangi gTLD zonalaridagi registratsiyalar soni 49,6 millionga yetdi va bir yil ichida 31,3% ga oshdi. So‘nggi 12 oy davomida yangi domen zonalarida qo‘shimcha 11,8 million domen ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Bundan tashqari, .com va .net’dan tashqari klassik domen zonalari ham o‘sishni ko‘rsatdi. Ushbu toifaga .org, .info va .biz kabi domenlar kiradi. Chorak yakuniga ko‘ra, ushbu segmentdagi registratsiyalar soni 20,5 millionni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 2,6 millionga ko‘p bo‘lib, yillik o‘sish 14,6% ga yetgan.
Verisign’ning yangi ma’lumotlari global domen bozori faol rivojlanishda davom etayotganini ko‘rsatmoqda. Registratsiyalar sonining o‘sishi raqamli aktivlar, onlayn biznes va internet-loyihalarga bo‘lgan talab yuqori ekanini tasdiqlaydi.