GoDaddy Dan.com’ni butunlay yopdi: mashhur domen platformasi tarixga aylandi

GoDaddy kompaniyasi mashhur domen savdosi platformasi Dan.com faoliyatini butunlay tugatdi.

Dan.com dastlab startap sifatida ish boshlagan va tez orada domen investorlar hamda tadbirkorlar orasida mashhurlikka erishgan. Platforma shaffof bitimlar, qulay interfeys va avtomatlashtirilgan tranzaksiyalar tizimi bilan tanilgan edi. Bundan tashqari, escrow integratsiyasi va domenlarni bo‘lib to‘lash imkoniyati ham mavjud bo‘lib, u global domen hamjamiyatida katta e’tirof qozongan.

2022-yilda GoDaddy Dan.com’ni sotib oldi va ma’lum vaqt davomida u mustaqil platforma sifatida ishlashda davom etdi. Keyinchalik uning barcha funksiyalari GoDaddy va Afternic tizimiga qo‘shilishi e’lon qilindi.

2024-yil boshida kompaniya Dan.com yozga kelib yopilishi haqida ma’lum qildi. Endi esa bu jarayon yakuniga yetdi: Dan.com saytiga kirgan foydalanuvchilar avtomatik ravishda Afternic sahifasiga yo‘naltirilmoqda.

Ba’zi foydalanuvchilar avgust oyida Dan.com’dan xabarlar olganini aytishdi, ammo hozirda platforma butunlay faoliyatini to‘xtatgan.

Dan.com domeni sotuvga chiqariladimi yoki yo‘qmi - noma’lum. Mutaxassislar fikricha, GoDaddy bunday kuchli brendni osonlikcha sotmaydi, faqat juda jiddiy taklif bo‘lsa, ehtimol ko‘rib chiqishi mumkin.

Dan.com’ning yopilishi butun domen industriyasi uchun muhim voqea bo‘lib, ko‘pchilik uni butun bir davrning yakuni sifatida qabul qilmoqda.