ICANN majburiy ichki tekshiruvlar sonini qisqartirishni taklif qilmoqda

ICANN o‘z faoliyatini ichki baholash tizimini sezilarli darajada o‘zgartirishni rejalashtirmoqda. Takliflarga ko‘ra, majburiy tekshiruvlar soni kamaytiriladi va ularni o‘tkazish oralig‘i uzaytiriladi. Yangi tamoyillar shu hafta oxirida Ispaniyaning Sevilya shahrida boshlanadigan ICANN 86 konferensiyasida muhokama qilinadi.

Takliflar mavjud majburiy tekshiruvlar tizimini tahlil qilgan Cross Community Group tomonidan ishlab chiqildi. Ushbu loyiha «Review of Reviews» deb nomlanadi.

Yangi modelga ko‘ra, faqat ikkita tekshiruv majburiy bo‘lib qoladi. Birinchisi - Accountability & Transparency Review bo‘lib, u har besh yilda bir marta o‘tkaziladi. Ikkinchisi - ICANN Structural Review, ammo uning davriyligi hozirgi besh yildan o‘n besh yilgacha uzaytiriladi.

Shu bilan birga, avval har besh yilda WHOIS siyosatini baholab kelgan Registration Directory Service Review majburiy tekshiruvlar ro‘yxatidan chiqarilishi taklif etilmoqda. Shuningdek, yangi tavsiyalarda Competition, Consumer Trust and Consumer Choice Review ham mavjud emas.

Hozirda har besh yilda o‘tkaziladigan Security, Stability and Resiliency Review esa yangi «talab bo‘yicha tekshiruv» (On-Demand Review) toifasiga o‘tkazilishi mumkin. Bu esa bunday tekshiruv faqat hamjamiyat tomonidan yetarli miqdordagi ovoz bilan qo‘llab-quvvatlangan taqdirdagina o‘tkazilishini anglatadi.

Mazkur takliflar ICANN hamjamiyatidagi turli manfaatdor guruhlar orasida allaqachon turlicha munosabat uyg‘otdi. Jumladan, Non-Commercial Stakeholders Group yangi tizim ko‘proq resurslarga ega tashkilotlarga ustunlik berib, kamroq vakillikka ega hamjamiyatlar manfaatlariga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkinligini ta'kidlamoqda.

O‘z navbatida, Intellectual Property Constituency ayrim majburiy tekshiruvlarning bekor qilinishi DNS tizimidagi suiiste'molliklar hamda intellektual mulk huquqlarining buzilishi xavfini oshirishi mumkinligidan xavotir bildirdi.