
.UZ (UZINFOCOM) va .KZ (KazNIC) domen zonalari ma’muriyatlari o‘rtasidagi hamkorlik memorandumi doirasida .UZ domen zonasining yangi ildiz DNS-serveri ishga tushirildi. Server IPv4 va IPv6 protokollarini qo‘llab-quvvatlaydi va Qozog‘iston hududida joylashgan.
Server IP manzillari:
IPv4: 80.241.0.234
IPv6: 2a01:7640:0:d::2
DNS (Domain Name System) - bu domen nomlarini Internet qurilmalari va serverlariga tushunarli IP-manzillarga aylantiruvchi tizimdir. DNS-serverlar geografiyasining kengayishi .UZ domen zonasining barqarorligi, ishonchliligi va ishlash tezligini oshiradi, foydalanuvchilarga saytlar bilan tezroq aloqa o‘rnatish imkonini beradi.
Yangi server Qozog‘iston hududidagi zamonaviy ma’lumotlar markazida joylashtirilgan va KazNIC’ning yuqori tezlikdagi tarmoq infratuzilmasiga ulanadi. Shu tufayli nafaqat Qozog‘istondagi, balki Markaziy Osiyodagi qo‘shni mamlakatlardagi foydalanuvchilar ham .UZ domen zonasidagi resurslarga tez va kechikishsiz kira oladi.
Server barcha texnik sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tdi va domen nomlarini boshqarish bilan shug‘ullanuvchi xalqaro tashkilot - ICANN (Internet Corporation for Assigned Names and Numbers) tomonidan tasdiqlandi. Bu uning xalqaro xavfsizlik va ishonchlilik standartlariga to‘liq mos kelishini bildiradi.
Yangi ildiz DNS-serverining Qozog‘istonda joylashtirilishi .UZ milliy domen infratuzilmasini mustahkamlash va mintaqaviy internet hamkorligini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
Uznet endi yanada yaqinroq!