
Team Internet kompaniyasi biznesni bo‘lish va uning turli yo‘nalishlarini alohida xaridorlarga sotishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Bunday qaror Google reklama tizimlaridagi keskin o‘zgarishlar tufayli qabul qilindi. Bu o‘zgarishlar kompaniya uchun jiddiy oqibatlarga olib kelib, yilning birinchi yarmida 200 nafar xodim qisqartirilishiga va 140 million dollarlik daromad yo‘qotilishiga sabab bo‘ldi.
Kompaniya bayonotida shunday deyiladi: “Biz biznesning deyarli barcha yo‘nalishlari bo‘yicha sotish yoki strategik hamkorlik asosida alohida bitimlar tuzish masalasida faol muzokaralar olib bormoqdamiz”.
Shuningdek, kompaniya bir nechta takliflar olinganini bildirdi. Eng faol muzokaralar hozirda Domains, Identity & Software segmenti bo‘yicha olib borilmoqda. Bu segment tarkibiga domen reyestrlari va registrarlar kiradi.
Hozircha sohada konsolidatsiya sodir bo‘lishi mumkinmi yoki bu yana bir xususiy investitsiya fondi bilan bog‘liq bitimmi - aniq emas. Google tomonidan amalga oshirilgan o‘zgarishlar joriy yilning mart oyida butun Team Internet’ni sotuvi bo‘yicha rejalashtirilgan bitimni buzib qo‘ygan edi.
Google bu yili Adsense for Domains xizmatini to‘xtatdi, bu esa domen monetizatsiyasini ancha qiyinlashtirdi. Uning o‘rniga Related Search on Content joriy qilindi, ammo u ishlashi uchun kontent talab qiladi.
Team Internet kompaniyasi Google’ning reklama sifati yaxshilashga qaratilgan boshqa siyosatlari ham yangi modelga o‘tishni sekinlashtirganini ta’kidladi. Hozirda kompaniya daromad manbalarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha turli imkoniyatlarni o‘rganmoqda.