
2025-yil 15-16 sentyabr kunlari Kaliningrad shahrida MDH, Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlarining yuqori darajadagi milliy domenlari administratorlari va registratorlari ishtirok etadigan XVIII Xalqaro konferensiya - TLDCON 2025 bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirni Milliy domenlar koordinatsiya markazi tashkil etgan.
Forumda turli registraturalar, xalqaro tashkilotlar hamda internet boshqaruvi bo‘yicha ekspertlar yig‘ildi. Asosiy muhokama mavzulari - domen sanoatini rivojlantirish, kiberxavfsizlik choralarini kuchaytirish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish bo‘ldi.
Konferensiya doirasida .UZ milliy domeni administratsiyasi Domen nomlari auksioni loyihasi haqida onlayn ma’ruza taqdim etdi. Unda yangi platformaning maqsadlari, infratuzilmani rivojlantirishdagi ahamiyati hamda domen egalari va registratorlar uchun afzalliklari yoritildi.
Qayd etilishicha, ushbu auksion tizimi savdolarda shaffoflikni ta’minlaydi, premium-domenlarni samarali taqsimlaydi hamda sun’iy intellekt va blokcheyn kabi zamonaviy texnologiyalardan foydalanadi.
TLDCON 2025dagi ishtirok .UZ domeni uchun xalqaro obro‘ni oshirish va milliy internet segmentida innovatsion tashabbuslarni namoyish etish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Manba: cctld.uz