Token.uz blokcheyn platformasida har qanday formatdagi hujjatlarni xavfsiz saqlash funksiyasi ishga tushirildi

Token.uz platformasida endilikda foydalanuvchilar PDF, DOCX, XLSX va boshqa mashhur formatlardagi hujjatlarni bevosita blokcheynda yuklab, xavfsiz saqlashlari mumkin. Ushbu yechim hujjatlarning o‘zgartirilishi, qalbakilashtirilishi yoki yo‘qolishiga qarshi to‘liq himoyani ta’minlaydi.

Markazlashmagan saqlash tizimi va o‘rnatilgan versiyalarni nazorat qilish funksiyasi tufayli hujjatdagi istalgan o‘zgartirish yoki almashtirish harakati avtomatik ravishda aniqlanadi. Bu tizim hujjat axborotining haqqoniyligi va shaffofligini yuqori darajada ta’minlaydi.

Yangi funksional imkoniyatlar orqali foydalanuvchilar:

  • Hujjatlarni o‘zgarmagan holatda uzoq muddat saqlashlari mumkin;

  • Agar hujjat lokal qurilmada yo‘qolgan bo‘lsa, uni tiklash imkoniyati mavjud;

  • Tekshiruv, audit yoki hamkorlarga yuborish uchun himoyalangan havola orqali hujjatga kirish huquqini taqdim etish mumkin;

  • Joriy hujjat versiyasini ilgari yuklangan original nusxa bilan avtomatik solishtirish mumkin.

Har bir hujjat yuklash vaqtida xeshlanadi, shifrlanadi va vaqt belgisi bilan markazsiz tarmoqda saqlanadi. Faqatgina hujjat egasi yoki uning vakolat bergan shaxslari to‘liq mazmunga kirish imkoniyatiga ega. Bu esa, shaxsiy va maxfiy ma’lumotlarni himoya qilish talablariga to‘liq javob beradi.

Token.uz’ning ushbu yangi imkoniyati hujjatlar bilan ishlovchi barcha foydalanuvchilar uchun foydali bo‘lib, ularni hujjatlarning qalbakilashtirilishi, o‘zgartirilishi yoki yo‘qolishidan himoya qiladi.

Manba: cctld.uz - asl yangilik