Token.uz rasmiy savdo belgisi maqomini oldi

UZINFOCOM ishtirokida ishlab chiqilgan Token.uz blokcheyn platformasi o‘z brendini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonini muvaffaqiyatli yakunladi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Token.uz nomini rasmiy savdo belgisi sifatida tan oldi va platformaga undan foydalanish bo‘yicha mutlaq huquqlarni berdi.

Mazkur maqom Token.uz brendining mamlakat hududida, jumladan domen nomlari va raqamli xizmatlarda qo‘llanilishining huquqiy jihatdan himoyalanganini anglatadi. Ro‘yxatdan o‘tkazish intellektual mulk huquqlarining milliy qonunchilik doirasida himoya qilinishini ta’minlaydi hamda brenddan uchinchi shaxslar tomonidan noqonuniy foydalanish xavfini kamaytiradi.

Savdo belgisi sifatida rasman tan olinishi platformaning raqamli va blokcheyn yechimlari bozoridagi mavqeini mustahkamlaydi, foydalanuvchilar, investorlar va hamkorlar ishonchini oshiradi, shuningdek loyihalarni yanada kengaytirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi.

Bu qadam nafaqat Token.uz platformasining rivojlanishida, balki O‘zbekistonda shaffoflik, qonuniylik va uzoq muddatli o‘sishga yo‘naltirilgan barqaror blokcheyn ekotizimini shakllantirishda ham muhim bosqich hisoblanadi.

Manba: https://cctld.uz/news/?detail=1599