2025-yil 25–26-sentyabr kunlari Almatida Markaziy Osiyo Piring va Ulanish Forumi (CAPIF 4) bo‘lib o‘tdi. Tadbir RIPE NCC tomonidan, Qozog‘iston Internet Assotsiatsiyasi va Qozog‘iston aloqa operatorlari assotsiatsiyasi ko‘magida tashkil etildi.
CAPIF - bu mintaqaviy internet-trafik almashinuvi, piring va provayderlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, kontent yetkazib beruvchilarni jalb etish hamda Markaziy Osiyoni raqamli va infratuzilmaviy markaz sifatida targ‘ib qilish uchun muhim maydon hisoblanadi.
Ishtirokchilar va miqyos
Joriy yilda forumda 22 mamlakatdan 280 ga yaqin delegat qatnashdi. Ishtirokchilar orasida telekom kompaniyalari, bank sektori, davlat tashkilotlari va ilmiy muassasa vakillari ham bor edi.
.UZ domeni va IPv6
.UZ domeni ma’muriyati rahbari forumda IPv6 texnologiyasini .UZ domen zonasida joriy etish mavzusida ma’ruza qildi va mavjud yutuqlar hamda kelajak rejalarini taqdim etdi.
RIPE NCC ma’lumotlariga ko‘ra, IPv6 CAPIF 4 kun tartibining markaziy mavzularidan biri bo‘ldi. Mutaxassislar uni Internet of Things (IoT), “aqlli shaharlar” va bulutli xizmatlarni rivojlantirishda qo‘llash strategiyalarini muhokama qildilar.
O‘zbekistonning internet infratuzilmasidagi yutuqlar
ROA (Route Origin Authorizations) qamrovi O‘zbekistonda 40% dan 70% gacha oshdi, bu esa marshrutizatsiya xavfsizligini sezilarli darajada mustahkamladi.
IPv6 bo‘yicha O‘zbekistonga bir nechta yirik bloklar ajratilgan (masalan, 2a00:8840::/29, 2a02:a98::/32). Bu esa keyingi rivojlanish uchun katta imkoniyat yaratmoqda.
IPv6 joriy etilishi mintaqada internet infratuzilmasini mustahkamlash va barqarorligini oshirishga xizmat qiladi.
.UZ domeni ma’muriyatining CAPIF 4 dagi chiqishi mamlakat internet tizimini modernizatsiya qilish va IPv6 asosida barqaror, zamonaviy infratuzilma yaratishga intilayotganini ko‘rsatdi.
Manba: cctld.uz
